MDH davlatlarining “Yer qaʼrini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish” boʻyicha Hukumatlararo kengashi XXVI sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2023-yil 21 – 22 sentabr kunlari Samarqand shahrida MDH davlatlarining “Yer qaʼrini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish” boʻyicha Hukumatlararo kengashi XXVI sessiyasi oʻtkazildi.
Sessiyada Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiya delegatsiyalari ishtirok etdi. Tadbirda Tojikiston hukumati huzuridagi Geologiya Bosh boshqarmasi rahbari Oymuxammadzoda Ilxomdjon Sulton Hukumatlararo kengashga raislik qiluvchi sifatida oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar toʻgʻrisida hisobot berdi.
Shundan keyin Hukumatlararo kengash raisligi O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga o‘tgani e’lon qilindi.
Sessiya davomida geologiya sohasida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, foydali qazilmalarning yangi noan’anaviy turlarini izlab topish, o‘zlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi bir qator masalalarda mutaxassislarning takliflari, sohadagi ilmiy izlanishlar, ishlanmalar, geologiya qidiruv ishlari natijalari va boshqalar muhokama qilindi.
Shuningdek, “Yer qaʼrini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish” boʻyicha Hukumatlararo kengashi XXVI sessiyasi doirasida bir qator hamkorlik kelishuvlari imzolandi, keyingi XXVII sessiya Qirgʻiz Respublikasida oʻtkazlishi rejalashtirildi. Kengash a’zolari tomonidan bayonnoma imzolandi.